Hurmatli mijozlar!
Ijtimoiy tarmoqlarda 78 prefiksi bilan boshlanuvchi raqamlardan firibgarlik qo‘ng‘iroqlari amalga oshirilayotgani haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar munosabati bilan East Telecom kompaniyasi quyidagicha izoh berishni zarur deb hisoblaydi.
78 prefiksi kompaniyamiz foydalanadigan raqam resursi hisoblanadi. Biroq raqamning ekranda ko‘rinishi qo‘ng‘iroq aynan operator tarmog‘i orqali amalga oshirilganini anglatmaydi. Firibgarlar ko‘pincha IP-telefoniya va raqamni soxtalashtirish (Caller ID spoofing) texnologiyalaridan foydalanadilar, bunda raqam istalgan aloqa operatoriga tegishli bo‘lib ko‘rinishi mumkin.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bunday qo‘ng‘iroqlar O‘zbekistonning turli aloqa operatorlari prefikslari orqali ham qayd etilmoqda, bu esa muammoning tizimli xarakterga ega ekanini va u alohida bir operator faoliyati bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, qo‘ng‘iroqni ko‘tarishning o‘zi pul mablag‘larining yechib olinishi yoki bank hisoblariga kirish imkonini bermaydi. Firibgarlik holatlari, odatda, abonent uchinchi shaxslarga maxfiy ma’lumotlarni o‘zi taqdim etganida yuz beradi. Bunday ma’lumotlarga quyidagilar kiradi:
SMS tasdiqlash kodlari
bir martalik bank parollari
bank kartasi ma’lumotlari
East Telecom foydalanuvchilarni raqamli xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga hamda telefon orqali SMS-kodlar va bank ma’lumotlarini hech kimga bermaslikka, hatto qo‘ng‘iroq qiluvchi o‘zini bank yoki boshqa moliyaviy va davlat tashkilot xodimi sifatida tanishtirsa ham, qat’iy chaqiradi.
Shu bilan birga, ayrim Telegram-kanallarda asoslanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilayotganini ta’kidlaymiz. Bunday xabarlar kompaniyamizning ko‘p yillik ishchanlik obro‘si va imijiga zarar yetkazishi, shuningdek mijozlar va hamkorlar o‘rtasida ishonchsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 202²-moddasiga muvofiq, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi yoki uning obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish, jumladan ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
East Telecom tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda hamda firibgarlik sxemalarini aniqlash va ularning oldini olishda zarur yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, OAV vakillari va kanal administratorlarini faqat tekshirilgan va ishonchli ma’lumotlarni tarqatishga chaqiramiz.